
Bankdan kredit yoki mikroqarz olmoqchi boʻlsangiz, avvalo, bank xodimlari kredit tarixingizni tekshiradi. Kredit tarixi — bu fuqaroning banklar yoki moliyaviy tashkilotlar oldidagi majburiyatlarini qanday bajarganini aks ettiruvchi moliyaviy “rezyume”sidir. Unda olingan kreditlar, ularning qay tarzda va qancha vaqtda yopilgani, kechikishlar, jarimalar va boshqa tafsilotlar aniq ko‘rsatiladi.
Kredit tarixini qanday aniqlashni va bank rad etganda, mikroqarzni qayerdan rasmiylashtirish mumkinligini koʻrib chiqamiz.
Maqolada quyidagi atamalarni qoʻllaymiz:
| Atama | Ma’nosi |
| Kredit tarixi (KT) | Qarzdorning moliyaviy “biografiyasi” – u qanday, qachon va qanchalik intizomli to‘lov qilganini ko‘rsatadi. |
| Kredit reytingi | Bu qarz oluvchining ishonchlilik darajasini ko‘rsatadi, raqamlar yoki harflar bilan ifodalanadi. Moliyaviy tashkilotlar qarz berish yoki bermaslik haqida qaror qabul qilishi uchun kerak. |
| Kredit skoringi | Kredit reytingini avtomatik hisoblash jarayoni. |
| Kredit byurosi | Kredit tarixi haqida ma’lumotlarni yig‘uvchi va tahlil qiluvchi tashkilot. |
| Mikromoliya tashkiloti | Banklarga xos talablarsiz mikrqarzlar taqdim etuvchi moliyaviy muassasa. |
| O‘zbekistonda mikrokredit | O‘rtacha 50 million so‘mgacha bo‘lgan kredit summasi bo‘lib, u jismoniy shaxslarga biznes yoki shaxsiy ehtiyojlar uchun mikromoliya tashkilotlari orqali beriladi. |
Qachon kredit tarixini tekshirish kerak
Asosiy holatlar:
- Qarzni rasmiylashtirishdan oldin, masalan, ipoteka, iste’mol krediti va boshqalar olishdan avval;
- Boshqalarning majburiyatlari bo‘yicha kafil bo‘lishdan oldin;
- Moliyaviy ahvolingizni baholash yoki rejalashtirish jarayonida.
- Agar firibgarlikdan shubhalansangiz — sizning nomingizga hech kim siz bilmagan holda kredit rasmiylashtirmaganligiga ishonch hosil qilish uchun tekshiruv o‘tkazing.
Nima uchun кredit tarixini bilish muhim
Kredit tarixini bilish moliyaviy holatingizni nazorat qilish va kelajakdagi qarorlaringizni ongli ravishda qabul qilishga yordam beradi. Bu ma’lumotlar siz uchun quyidagi sabablarga ko‘ra ahamiyatlidir:
- Kredit olish imkoniyatini baholash – banklar va moliyaviy tashkilotlar sizning tarixingiz asosida qaror chiqaradi.
- Foiz stavkalari va shartlar – yaxshi kredit tarixi pastroq foizli kreditlar olishga yordam beradi.
- Firibgarlikdan himoyalanish – kredit tarixini kuzatib borish orqali noqonuniy faoliyatni erta aniqlash mumkin.
Qanday qilib O‘zbekistonda kredit tarixini tekshirish mumkin
Kredit axborotini almashish to‘g‘risida”gi Qonunning 22-moddasiga ko‘ra, har bir fuqaro yiliga bir marta KTni bepul olish huquqiga ega. Undan keyingi murojaatlar uchun esa to‘lov belgilangan. Quyida KTni qanday va qayerdan olish mumkinligi haqida so‘z yuritamiz.
1. Kredit byurosi orqali
Kredit byurosi — O‘zbekistonda bu vazifa bilan Kredit axborot-tahlil markazi (KATM) shug’ullanadi. Bu markaz Markaziy bank tomonidan berilgan litsenziya asosida faoliyat olib boradi.
КATM (Kredit axborot-tahlil markazi) qarzdorlar qancha va qaysi tashkilotlarga qarzdor ekanini yig‘adi. Bu ma’lumotlar banklar, do‘konlar va kredit beruvchi boshqa tashkilotlardan olinadi. Ushbu ma’lumotlar asosida KATM har bir qarz oluvchining kredit reytingini shakllantiradi.
KATM saytidan kredit tarixini qanday olish mumkin?
- Sahifa yuqorisidagi “Kredit tarixini olish” tugmasini bosing.
- “Kredit hisobotlari” bo‘limiga o‘tib, “Kredit tarixi”ni tanlang.
- Ekrandagi keyingi ko‘rsatmalarga amal qiling.
Ushbu xizmatdan birinchi marta foydalanish bepul, ikkinchi marta esa BHMning 0,04% – 15 000 so‘mni tashkil etadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yik 2-iyundagi PF-91-son farmoni bilan 1-avgustdan BHM 412 ming soʻm boʻladi, shuningdek, komissiya esa 16480 soʻm.
2. Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali.
Olish tartibi:
- My.gov.uz saytida OneID orqali ro‘yxatdan o‘ting yoki tizimga kiring.
- “Moliya va bank” bo‘limida “Kredit tarixini olish” xizmatini tanlang.
- Ariza formasini to‘ldiring va kiritilgan ma’lumotlarni tekshiring.
- Telefon raqamingizni tasdiqlang. Sizga ariza raqami bilan SMS-xabar keladi.
Shaxsiy kabinetingizda kredit skoringi natijalari paydo bo‘ladi.
Portalda birinchi marta xizmatdan foydalanish bepul, ikkinchi marta esa 13 500 so‘m – bazaviy hisoblash miqdorining 0,036 foizini tashkil etadi.
Kredit tarixi qanday ko‘rinishga ega boʻladi?
O‘zbekiston Respublikasining “Kredit ma’lumotlari almashinuvi to‘g‘risida”gi Qonuniga asosan kredit tarixi qarzdorning so‘nggi besh yil ichidagi majburiyatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi.
U jadval yoki grafik ko‘rinishidagi hisobotga o‘xshaydi va ma’lumotlar tartiblangan shaklda bo‘ladi:
- Shaxsiy identifikatsion ma’lumotlar: (F.I.Sh., pasport raqami yoki ID karta ma’lumotlari, JShShIR.)
- Qarz bergan tashkilotlar ro‘yxati
- Olingan kreditlarning turlari, summasi, muddati va to‘lash sanalari
- To‘lovlar tarixi
- Jarimalar va penya ma’lumotlari
- Kafil bo‘lish holatlari haqidagi ma’lumotlar
Agar hech qanday kredit olmagan bo‘lsangiz, unda KT “nol” holatda bo‘ladi.
Hisobotda, shuningdek, umumiy kredit reytingi raqamli yoki harfiy baho shaklida ko‘rsatiladi, masalan: A, B, C. Baholashda mamlakatdagi birinchi va eng yirik byuro — KATM (Kredit axborot-tahlil markazi) tasnifiga tayanish mumkin. Ushbu markaz jismoniy va yuridik shaxslarning qarzlari bo‘yicha ma’lumotlarni yig‘adi, saqlaydi va taqdim etadi.
Tasnif quyidagicha:
| Ballar | Baho | Izoh |
| 400–500 | Aʼlo | Qarzdorga kredit rasmiylashtirishda chegirmalar va imtiyozlar taklif qilinishi mumkin. |
| 300–399 | Yaxshi | Qarzdorga mablag‘lar standart shartlar asosida taqdim etiladi. |
| 200–299 | Oʻrtacha | KTda kichik buzilishlar bo‘lishi mumkin, bu holat qaror qabul qilishga sezilarli ta’sir ko‘rsatmasligi mumkin. |
| 100–199 | Qoniqarli | Faqat kichik miqdorda qarz berilishi mumkin. |
| 0–99 | Qoniqarsiz | KT — salbiy, bu esa kreditorlar uchun pulning qaytmaslik xavfini anglatadi. |
Qanday kredit tarixi “yaxshi” hisoblanadi
Kredit qarzdorlikni aniqlash uchun yagona baholash mezonlari yoʻq. Har bir bank yoki moliyaviy tashkilot o‘z mezonlarini belgilaydi.
Yaxshi KT odatda quyidagilar bilan tavsiflanadi:
| Belgilari | Tavsifi |
| Kreditlar o‘z vaqtida to‘langan | To‘lovlar belgilangan muddatlarda, kechikmasdan amalga oshirilgan |
| Daromad kredit miqdoriga mos | Rasmiy yoki doimiy daromad kreditni toʻlash uchun yetarli hisoblanadi |
| Qarz yuki past | Boshqa faol kreditlar soni kam yoki yo‘q |
| Jarima va sud ishlari yo‘q | Qarz bo‘yicha yuridik muammolar, sud yoki majburiy undirish holatlari yo‘q |
Qanday kredit tarixi yomon hisoblanadi
Bunda har bir bank yoki moliyaviy tashkilot kredit berishni rad etish sabablari bo‘yicha o‘z tartib-qoidalariga ega.
Asosiy ikkita sababga koʻra:
- Muntazam to‘lovlarning kechikishi.
- Yuqori kredit yuklamasi.
KATMning 2025-yil 1-chorak maʼlumotiga koʻra, hisobot topshirganlarning 4 % aʼlo ball olgan, 28 % – yaxshi, 56 % – oʻrtacha, 11 % – qoniqarli va 1 % – yomon skoring ballariga ega chiqqan. Demak, bu yil qarz olishni istaganlarning aksariyati o‘rtacha reytingga ega, biroq ajratilgan kreditlar soni ortib bormoqda. Bu esa shuni anglatadiki, bunday ball qarz olish uchun yetarli.
Yomon kredit tarixining oqibatlari
Nima boʻladi:
- Sizga kredit berilmaydi. Agar kredit tarixingizda bir yoki bir nechta kechikkan to‘lov, ayniqsa muddati o‘tgan qarz bo‘lsa, banklar sizni “xavfli mijoz” deb hisoblaydi. Agar fuqaro ilgari kredit olmagan bo‘lsa va KT yo‘q yoki nol bo‘lsa, kredit berilishidan bosh tortishlari mumkin. Chunki bu holatda moliyaviy mas’uliyat darajasini baholashning imkoni bo‘lmaydi.
- Foiz stavkalarining oshishi. Aksariyat mijozlar 22–24% yillik stavkada kredit olayotgan bir vaqtda, sizga yomon KT uchun 28–32% yoki undan ko‘proq foiz bilan kredit berilishi mumkin.
- Kredit beruvchilar ishonchi kamayadi. Banklar, mikroqarz tashkilotlari va hatto onlayn bo‘lib to‘lov xizmatlari, masalan, ZoodMall, Uzum, Olcha.uz sizdan qo‘shimcha hujjatlar talab qiladi, so‘ng baribir rad javobi olasiz.
- Boʻlib toʻlash yoki lizing imkoniyatlari cheklanadi, yaʼni sizga bo‘lib to‘lash va lizing asosida mahsulotlar berilmaydi.
Kredit tarixidagi xatolikni qanday tuzatish mumkin
KTda noto‘g‘ri ko‘rsatilgan qarz summasi, yopilgan kredit faol sifatida ko‘rsatilishi, aslida bo‘lmagan kechikishlar kabi xatoliklar bo‘lishi mumkin.
Agar siz shunday xatoliklarni payqasangiz, KATMga ma’lumotlarni tuzatish bo‘yicha ariza bilan murojaat qilishingiz kerak. Buning uchun sizdan isbotlovchi hujjatlar — bankdan olingan ko‘chirmalar, to‘lov kvitansiyalari va boshqalar talab qilinadi.
Agar kredit tarixida siz rasmiylashtirmagan qarzlar ko‘rsatilgan bo‘lsa, tegishli bank bilan bog‘laning va bu ma’lumotlarni olib tashlashni talab qiling. Shu bilan birga, o‘zingiz qarzdor emasligingizni isbotlashingiz kerak bo‘ladi. Masalan, kredit shartnomasini so‘rab oling, u kim nomiga tuzilganini va kim tomonidan imzolanganini tekshirib chiqing.
Kredit tarixini qanday yaxshilash mumkin
- Qarzingizni imkon qadar tezroq to‘lang
Kechiktirmang, ayniqsa, kommunal to‘lovlar va jarimalarni o‘z vaqtida to‘lash muhim.
- Kichik kreditlardan boshlang
Masalan, 500 ming yoki 1 million so‘m miqdorida mikroqarz olib, uni rejaga muvofiq to‘lab boring. Bu sizning ishonchli mijoz ekaningizni ko‘rsatadi.
- Faqat kerak bo‘lsagina ariza topshiring
Agar kredit olish niyatingiz qat’iy bo‘lmasa, ariza topshirmang. Rad javobi kredit tarixingizga salbiy ta’sir qiladi.
- Kafil bo‘lishdan oldin o‘ylab ko‘ring
Kimnidir kafillikda qo‘llab-quvvatlasangiz, u to‘lamagan taqdirda sizning KT ham zarar ko‘radi.
- Ish haqi kartasidan foydalaning
Banklar aynan rasmiy tushumlar asosida qaror qabul qiladi. Ish haqi kartasi orqali o‘z daromadingizni tasdiqlang.
- Yilda kamida bir marta kredit tarixingizni tekshirib turing
Agar xatoliklar bo‘lsa, ularni KATM yoki my.gov.uz orqali tuzatish mumkin.
Yomon kredit tarixida qanday qilib kredit olish mumkin
Har bir insonda vaqtinchalik moliyaviy qiyinchiliklar holatlari uchrab turadi: kechiktirilgan to‘lovlar, daromadsiz qolish, unutib yuborilgan to‘lovlar — bularning barchasi KTni yomonlashtiradi. Natijada ko‘plab banklar kredit berishdan bosh tortadi. Biroq bu — endi kredit olish mumkin emas, degani emas.
Bunday vaziyatda mikromoliya tashkilotlari muqobil moliyaviy yechim hisoblanadi. Ular moslashuvchan shartlarda ishlaydi: qarorlar tezroq qabul qilinadi, ayrim hollarda garov yoki rasmiy ish joyi talab qilinmaydi.
Mikromoliya tashkilotlari qaror qabul qilishda banklardan farqli o‘laroq, quyidagi mezonlarga ko‘proq e’tibor beradi:
| Mezoni | Bankda muhim | Mikromoliya tashkilotida muhim |
| KT | Juda muhim | Nisbatan muhim |
| Rasmiy ish joyi | Talab qilinadi | Shart emas |
| Moliyaviy maqsad (maqsadlilik) | Kamroq tekshiriladi | Muhim |
| Garov/kafil | Ko‘pincha talab qilinadi | Talab qilinmaydi |
| Qarz miqdori | Katta, o‘rtacha va kichik summalar | O‘rtacha va kichik |
Masalan, ayrim mikromoliya tashkilotlari jismoniy shaxslarga ham turli maqsadlar uchun — iste’mol, shaxsiy ehtiyojlar yoki biznes uchun mikroqarzlar taqdim etadi:
- shaxsiy ehtiyojlar (davolanish, ta’lim, sayohat va boshqalar)
- iste’mol xarajatlari (maishiy texnika, ta’mirlash)
- istalgan maqsadlar uchun naqd pul kreditlari
- biznes yoki tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish
UnaMoliya”tomonidan mikroqarz olish uchun ideal kredit tarixi, garov yoki daromad to‘g‘risidagi ma’lumotnoma talab qilinmaydi. Ariza onlayn tarzda topshiriladi, qaror tez fursatda qabul qilinadi va mablag‘ to‘g‘ridan-to‘g‘ri bank kartangizga o‘tkaziladi. Mikroqarz miqdori 65 million so‘mgacha, muddat esa 18 oygacha bo‘lishi mumkin.
Kredit tarixi yomon bo‘lgan mijozlar uchun muqobil yechimlar
Agar sizning kredit tarixingizda muammolar mavjud bo‘lsa, quyidagi usullar yordamida mikroqarz olish imkoniyatingizni oshirishingiz mumkin:
- Garov taqdim etish (zalog) (mol-mulk, avtomobil, texnika yoki boshqa)
- Kafillik: ishonchli kishi tomonidan berilgan kafil kafolati asosida kredit ajratilishi mumkin
- Daromad manbaini tasdiqlash: barqaror daromadga ega bo‘lsangiz, buni rasmiy hujjatlar bilan tasdiqlang
- Avvalgi qarzlarni to‘lash va vaqt o‘tishini kutish: muammoli kreditlar to‘langanidan so‘ng bir necha oy (yoki yil) o‘tgach, sizning kredit reytingingiz tiklanadi
Xulosa
KT — bu nafaqat yangi kredit olish imkoniyatingizga, balki sizga qanday shartlarda kredit taklif etilishiga ham bevosita ta’sir qiladi. Yaxshi KT — past foizli, tez va qulay kredit olishning kaliti. Salbiy tarixda esa mablag‘ berilmasligi, juda yuqori foiz stavkasi bilan ajratilishi yoki qo‘shimcha talablar qo‘yilishi mumkin.
Ammo hatto yomon KTga ega bo‘lgan taqdirda ham, hatto yomon kredit tarixiga ega bo‘lgan jismoniy shaxslar uchun ham yechimlar mavjud — bu mikroqarzlardir. Ularni mikromoliya tashkilotlari orqali olish mumkin. Bunday tashkilotlar kreditlarni tez, shaffof va moslashuvchan shartlarda taklif etadi. Masalan, UnaMoliya kompaniyasi jismoniy shaxslar uchun tezkor kreditlarni taklif etadi — istalgan maqsadlar uchun, jumladan shaxsiy ehtiyojlar, iste’mol xarajatlari yoki tadbirkorlik faoliyati uchun.
